Respublika sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida “O‘zdonmahsulot” AK ishtirok etdi

Respublika sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida “O‘zdonmahsulot” AK ishtirok etdi

2019 yil 18-22 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo Vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur yarmarka sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda kooperatsiyani rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 avgustdagi PQ-4426-sonli qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 noyabrdagi 947-F-sonli farmoniga asosan o‘tkazildi.
Mazkur yarmarkada ko‘rgazma pavilonlarida «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasining stendi tashkil etilib, bug‘doy qayta ishlashga mo‘ljallangan don korxonalari tomonidan bugungi kunda ishlab chiqarish zaruriyati uchun import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar bilan qatnashdilar.
Ushbu ko‘rgazma sanoat korxonalari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etib, mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘rganish, ularni ishlab chiqarish va sotib olish bo‘yicha hamkorlar topish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha katta imkoniyatlarni yaratdi.
Buning natijasida don korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida keng fikrlar almashinib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga qo‘yilayotgan o‘zlarining talablari, ishlab chiqariladigan va sotib olinishi ko‘zda tutilgan mahsulotlar hajmlari to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazildi.
Ko‘rgazmaning o‘ziga xos jihati shunda bo‘ldiki, sanoat korxonalari va buyurtmachilar o‘rtasidagi shartnomalar ro‘yxatga olinishi va imzolanishi www.cooperation.uz portali orqali «onlayn» tarzda amalga oshirildi. Bu esa o‘z navbatida buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasida hujjatlar bilan bo‘ladigan jarayonni tezlashtirish va shaffoflik imkoniyatini yaratdi.
Ushbu yarmarka doirasida tizim korxonalar tomonidan ishlab chiqarish zaruriyati uchun import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar imzolandi.
O‘tkazilgan sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida 21 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz» MKK AJning Xalqaro savdo markazida «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyati va mutaхassislari ishtirokida tizimning ko‘rgazmali prezentatsiyasi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan prezentatsiyada bug‘doy qayta ishlash sohasida amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalar, ishlab chiqarilayotgan yangi turdagi mahsulotlar, investitsiya dasturlariga asosan olib borilayotgan modernizatsiya loyihalari hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiya aloqalarini kengaytirish yo‘nalishida olib borilayotgan samarali ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

«O‘zdonmahsulot» AK Matbuot xizmati

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan