Donni qayta ishlovchi va qolipli non ishlab chiqaruvchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha qanday imtiyozlar bor?

Donni qayta ishlovchi va qolipli non ishlab chiqaruvchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha qanday imtiyozlar bor?

Joriy yilning 30-sentyabrida Vazirlar Mahkamasining «Donni qayta ishlovchi korxonalar va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 829-son qarori imzolandi.

Hujjatdan anglashilishicha, mazkur qaror davlat tomonidan donni qayta ishlash korxonalari va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish va narx navoning oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qabul qilingan. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyunda PF-5755-son Farmoni (keyingi oʻrinlarda – Farmon) qabul qilinib, unda oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi imtiyozlari bekor qilinishi nazarda tutilgan edi.

Yangi Qarorda quyidagi normalar belgilandi:

Birinchidan, mahalliy dondan ishlab chiqarilgan undan tayyorlangan qolipli nonni ishlab chiqarish va sotish 2020-yil 1-iyulgacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi belgilandi.

Kiritilgan normaning mohiyati nima, uning qolipli non ishlab chiqarishga taʼsiri qanday?

Maʼlumki, yuqorida keltirilgan Farmonning 3-bandiga muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻining toʻlaqonli zanjirini yaratish va barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni taʼminlash maqsadida 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar bekor qilindi.

Qaysi oziq-ovqat mahsulotlariga imtiyoz nazarda tutilgan edi?

Joriy yilning boshida qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan bogʻliq islohotlar natijasida mamlakatimizda ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishining oldini olish uchun Hukumat tomonidan bir qator choralar koʻrildi.

Shunday choralardan biri, Hukumatning 2018-yil 31-dekabrdagi 1065-sonli qaror bilan Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan realizatsiya qilish oborotlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari roʻyxati tasdiqlanganidir. Ushbu Roʻyxat bilan Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan quyidagi oziq-ovqat mahsulotlari chakana va ulgurji realizatsiya qilinganda imtiyoz berilishi belgilab qoʻyildi:

1. Goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), shuningdek, hayvonlar (qoramol va parranda) tirik hamda ularni soʻyish mahsulotlari (shuningdek, import boʻyicha — 2019-yil 1-oktyabrgacha).

2. Baliq.

3. Kartoshka, urugʻlik kartoshka (shu jumladan, import qilingani).

4. Piyoz.

5. Tuxum.

6. Guruch (barcha navlari), shu jumladan, import qilingan guruch.

7. Shakar, shu jumladan import qilingan.

8. Non mahsulotlari (ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda).

9. Sut (ishlab chiqarish va realizatsiya qilishda).

Hukumatning 2018-yil 31-dekabrdagi 1065-sonli qarori 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotdi. Bu holatda non mahsulotlariga berilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz ham bekor boʻlar edi. Ammo, narx navoning oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, mahalliy dondan ishlab chiqarilgan undan tayyorlangan qolipli nonni ishlab chiqarish va sotish 2020-yil 1-iyulga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilindi.

Eʼtibor berilish kerak boʻlgan jihat, imtiyoz faqat mahalliy dondan olingan undan tayyorlangan qolipli nonga qoʻllaniladi. Agar ishlab chiqaruvchi import qilingan dondan olingan undan qolipli non tayyorlasa va sotsa, unda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashi lozim boʻladi.

Ikkinchidan, donni qayta ishlash korxonalari tomonidan un ishlab chiqarishda faqatgina mahalliy don qiymatini chiqarib tashlagan holda, tushumlar hajmidan kelib chiqib qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortiladigan aylanmani aniqlash tartibi saqlab qolindi. Yaʼni, ushbu tartib donni qayta ishlash korxonalari tomonidan un ishlab chiqarishda faqatgina mahalliy don qiymati uchun qoʻllash mumkin boʻladi.

Eslatma: ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-avgustdagi 684-son qarori bilan 2018-yilning 1-sentyabridan boshlab donni qayta ishlovchi korxonalarning mahsulotlari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq solinadigan aylanma tushum hajmidan don (yaʼni barcha donlar: ham mahalliy ham import don) qiymatini chiqarib tashlab hisoblash tartibi orqali joriy etilgan edi.

Uchinchidan, joriy yil 1-oktyabrdan boshlab import qilingan va importda qoʻshilgan qiymat soligʻi solingan donni qayta ishlovchi korxonalar soliq solinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi aylanmasini

Soliq kodeksida belgilangan tartibda aniqlaydilar.

Yaʼni, Soliq kodeksining 204-moddasiga asosan, soliq solinadigan baza, realizatsiya qilinayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati asosida, unga qoʻshilgan qiymat soligʻini kiritmagan holda belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-sentyabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-5837-son Farmoniga koʻra 2019-yil

1-oktyabrdan boshlab Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Hukumat kiritilgan normalar yordamida donni qayta ishlovchi va qolipli non ishlab chiqaruvchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlarni davom ettirish orqali aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash siyosatini davom ettiradi.

1 Comment

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan